“O‘zekspomarkaz”da “Dam olish dunyosi — 2017” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi boshlandi, deb xabar beradi O‘zA.
Anjuman O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy turizm mahsulotlarini targ‘ibot qilish markazi tomonidan Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkil etildi.
“Dam olish dunyosi”da ichki va xalqaro turizm, ilmiy va sog‘lomlashtirish turizmi, sayyohlik ma’muriyatlari va milliy ofislar, turizm agentliklari va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy-kurort majmualari, dam olish maskanlari, aviatashuv, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn bron qilish tizimlari kabi bo‘limlar ishlab turibdi.
Xalqaro sayyohlik forumida O‘zbekistonga sayyohlarni yanada keng jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashilmoqda, hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda. Xorijiy sayyohlik kompaniyalari, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanmoqda.
Xususan, ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Qozog‘iston Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida sayyohlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga oid hujjat imzolandi.
Tadbir doirasidagi Hosted Buyers (“Professional xaridorlar”) dasturi uchrashuvlarida 50 dan ziyod xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari O‘zbekistondagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, tajriba almashish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish, sayyohlar almashinuvini faollashtirish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Tashkent Food Festival milliy taomlar festivali ham ochildi. Unda poytaxtning 50 ga yaqin restoran va kafelari, Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Xorazm viloyatlarining sohaga oid sayyohlik firma va kompaniyalari taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Festivalda qahva tayyorlash usullari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Ishtirokchilar choy va qahvaning oliy navlari, ularni tayyorlash va uzatish madaniyati, texnika va uskunalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada Belgiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Singapur, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston kabi mamlakatlardan 200 ga yaqin firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)