“Barselona” hujumchisi Neymar mavsum o‘yinlaridan biri bo‘lgan “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar berdi.
La liganing 30 ta turida davomida “Barselona” futbolchilariga qizil kartochka ko‘rsatilmagandi. 31-turga kelib esa Neymar maydondan chetlatildi. “Malaga”ga qarshi bellashuvning 27-daqiqasida ogohlantirilgan braziliyalik futbolchi (butsasini bog‘lash bahonasida hakamning aytganini qilmagani uchun), 65-daqiqada raqibiga nisbatan qo‘pol o‘ynadi (to‘pga yeta olmasligini bilgani uchun). Natijada Xil Mansano uni maydondan chetlatdi.
Aslida u kelasi turda bo‘lib o‘tadigan “Real Sosyedad”ga qarshi o‘yinni qo‘yib yuborib, 23-aprel kungi “El-Klasiko”da ishtirok etishi kerak edi. Ammo diskvalifikatsiya muddati uch o‘yinga qadar uzaytirilishi ham mumkin.
Marca’ning qayd etishicha, Neymar maydondan chiqib ketayotganida hakamlarga qarab qarsak chalgan. Shuning o‘ziyoq uni yana 1 ta o‘yinga chetlashtirib tashlashga qodir ishdir, deyiladi nashr xabarida.
Bu borada yakuniy qaror seshanba yoki chorshanba kunlarining birida qabul qilinadi.