3-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Rossiyaning “Gazprombank”i investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish haqida bitim imzoladi, deya xabar bermoqda UzDaily.
“Gazprombank” ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat doirasida tomonlar O‘zbekiston sanoatining to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Rossiya banki O‘zbekiston Milliy bankiga to‘qimachilik tarmog‘idagi korxonalarni yanada rivojlantirish, shu jumladan, ularning samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish texnologiyalarini modernizatsiya qilish uchun kredit manbalarini taqdim etishi kutilmoqda.
“Gazprombank” Boshqaruv raisi o‘rinbosari Aleksey Matveyev: “Biz investorlar sifatida O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining jahon bozoriga paxta va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish zanjirini isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha harakatlarini yuqori baholaymiz”, — deya ta’kidladi.
“Bugun O‘zbekistondagi eng yirik kredit muassasasi — Milliy bank bilan kelishilgan hamkorlik O‘zbekiston va Rossiya korxonalari uchun imkoniyat doirasini kengaytiradi, o‘zaro savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bugungi bitim orqali O‘zbekistondagi sherigimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifasini ochayotganimizga umid qilamiz”, — dedi u.