Respublika “Insoniylik” o‘quv-uslubiy markazida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining 2016-yilda amalga oshirgan gumanitar faoliyati va joriy yildagi vazifalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va Temir yo‘llar mintaqaviy tashkilotlari raislari, bosh hisobchilari, OAVlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezident rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofazalash, tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, turli favqulodda vaziyatlarda tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“O‘tgan yili ‘Sog‘lom ona va bola yili’ Davlat dasturi ijrosi doirasida jamiyatimiz tomonidan 600 million so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi, – dedi O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati raisi H.Karimov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi ‘Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirdar to‘g‘risida’gi qarori ijrosi doirasida tashkilotimiz tomonidan yordamga muhtoj, yolg‘iz keksalarning patronaji hamda ularni dori-darmon bilan ta’minlash uchun 223 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash alohida ahamiyatga molik”.
Seminar doirasida 2016-yilda radio, televideniye, gazeta va internet nashrlarida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati faoliyati haqidagi ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan materiallar mualliflariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)