Rossiya Nyu-Yorkda 27-mart kuni bo‘lib o‘tadigan yadro qurolini taqiqlash haqidagi muzokaralarda qatnashmaydi, chunki hozir ularni o‘tkazish mavridi emas deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya TIVning qurol-yarog‘ tarqalmasligi va nazorati departamenti direktori Mixail Ulyanovga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Ulyanov ta’kidlashicha, Rossiya yadrosiz dunyo qurishga intilsa-da, Moskva “bu maqsadga erishishga ongli ravishda, bosqichma-bosqich va mavjud holatlarning barchasini hisobga olgan holda” borish kerak degan fikrda. “Ayni paytda bu narsa yo‘q”, — deya qayd etdi u.
Ulyanovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar ishtirokchilari oldiga qo‘yilgan vazifa dolzarb emas va “yaqqol xayolparastlik xususiyatiga ega”, chunki ayni vaqtda yadro quroli global barqarorlik tizimining tayanchlaridan biri hisoblanadi.