17-mart kuni Toshkent shahrida “Elektron xizmatlarni joriy qilishda Buyuk Britaniya tajribasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magidagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini ko‘tarish evaziga elektron hukumatni rivojlantirish” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’ul xodimlari, BMT “Taraqqiyot” dasturi, Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari ishtirok etdi.
Davra suhbatida ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning Raqamli rivojlanish bo‘yicha davlat xizmati (GDS) bo‘lim boshlig‘i Daniyel Lou ishtirokchilarning diqqatini “Elektron hukumatga umumdavlat miqyosidagi yondashuv” mavzusidagi taqdimotga qaratdi. Mazkur taqdimot Buyuk Britaniyaning bu yo‘nalishdagi tajribasiga bag‘ishlangan.
Shuningdek, “O‘zbekistonda Britaniya tajribasi asosida elektron xizmatlarning joriy qilinishi” mavzusidagi taqdimotda davlat xizmatlarning onlaynga shaklga o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar chog‘ida ishtirokchilar, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari mas’ul xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha britaniyalik ekspertlar bilan fikr almashdi.
Izoh (0)