13-mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazlarining faoliyatini muhokama qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining axborot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.
Yig‘ilishdan avval parlament a’zolari joylarda haqiqiy holatni chuqur o‘rgandi. Deputatlar yuqorida ko‘rsatilgan tibbiyot muassasalari faoliyatining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq kelishi, xususan, fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga bo‘lgan huquqining amalga oshirilishini tahlil qildi.
Deputatlar o‘z chiqishlarida tibbiyot muassasalari tomonidan qonun hujjatlari talablari yetarli darajada ijro etilmayotganligi, Prezident tomonidan belgilangan vazifalar sust bajarilayotganligi kabi qator masalalarga e’tibor qaratdi.
Ushbu sohada fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, tibbiy xizmatlarning qimmatligi hamda hududlarda muassasalar filiallarining mavjud emasligi bois xizmatlardan foydalanish imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘tarildi.
Har bir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi respublika hududlarida o‘z filiallarini rivojlantirishga doir dasturlariga ega bo‘lishi, jahon miqyosidagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishi, markazlarning ixtisoslashuvi yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishi lozimligi qayd etildi.
Majlisda mamlakatning ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash, qonun hujjatlarini va unga doir huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda hokimiyatning vakolatli va ijro etuvchi bo‘g‘inlari samarali hamkorligi borasidagi tizimli faoliyatining muhimligi ta’kidlab o‘tildi.
Majlis yakuniga ko‘ra, Qonunchilik palatasi tibbiyot sohasini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalar batafsil belgilangan tegishli qaror qabul qildi. Ushbu vazifalarning ijro etilishi ustidan deputatlar tomonidan samarali parlament nazorati ta’minlanadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)