Urganchda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
“Viloyatda 187 madaniy meros obyekti mavjud bo‘lib, ulardan faqat 24 tasining kadastr hujjati rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, – dedi xalq deputatlari viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi R.Soburov. – Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash ishlariga davlat budjeti hamda grant mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadsiz ishlatilishi, davlat mulkini ijaraga berish masalalarida turli qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bu hali sohada qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar ko‘pligidan dalolatdir”.
Doimiy komissiya majlisida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlarining axboroti tinglandi. Qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, ularning natijadorligiga erishish yuzasidan fikr almashildi.
Izoh (0)