Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi ustidan parlament va deputatlar nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ularga amaliy jihatdan ko‘maklashish maqsadida shahar va tumanlarda tashkil etilgan ishchi guruhlarining faoliyati davom etmoqda. 1-mart, chorshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhi Namangan viloyatining Uychi tumanida ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bevosita uyma-uy yurib uchrashuvlar o‘tkazishga kirishildi. Keyin esa tegishli sohalar faoliyati ham savolnoma asosida o‘rganib chiqiladi.
2-mart, payshanba kuni esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Uychi tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazishga kirishdi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yakubov “Uychi” qishloq fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarda bo‘ldi. Tushgacha qariyb 20 ta hovlida yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashildi. Ular bildirgan fikrlar, taklif va mulohazalar o‘rganildi.
Xususan, “Gulbog‘” mahallasida yashovchi Olimjon Usmonov pasporti yong‘inda kuyib ketganligi uchun o‘z pensiyasini ololmayotganidan shikoyat qildi. Masala hal etish uchun tuman ichki ishlar bo‘limi rahbarlariga havola etildi. U tez kunlar ichida yechimini topadigan bo‘ldi. Astma kasalligi bilan og‘rigan Asila Hojimirzayevaning murojaati ham tezda hal etildi. U Toshkentdagi shifoxonalardan birida davolanadigan bo‘ldi.
“Gulzor” mahallasida yashovchi T. Jo‘rayeva qo‘ygan muammoning yechimini topish vazifasi esa nazorat ostiga olindi. Bu oila kam ta’minlanganlar sirasiga kiradi. Ammo mahalla fuqarolar yig‘ini uning moddiy yordam berish to‘g‘risidagi murojaatini rad etgan. Chunki oila a’zolaridan birining nomiga 1984-yilda ishlab chiqarilgan “Moskvich” avtomobili rasmiylashtirilgan. Yaroqsiz holdagi ushbu mashinadan qariyb o‘n besh yildan beri foydalanilmagan, uni temir-tersakka topshirib yuborish qolgan, xolos. Deputat bu masalani daxldor tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganib chiqish hamda hal etishga va’da berdi.
Shu mahallada yashovchi Qunduzxon Ergasheva ishchi guruh a’zolari oldiga farzandlarini uy-joy bilan ta’minlash muammosini qo‘ydi. Chunki uning besh sotixli hovlisida uch oila istiqomat qilarkan. Unga qishloq joylarida quriladigan arzon uy-joylardan olish tartibi tushuntirildi. Bu masalani oxiriga yetkazishni qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Malika Tojiboyeva zimmasiga oldi.
Izoh (0)