Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zidan avvalgi prezident — demokrat Barak Obamani o‘tgan yilgi saylovlar oldidan respublikachining telefon orqali suhbatlarini eshitishda ayblagandan so‘ng iste’foga chiqishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 6-mart, dushanba kuni CNN telekompaniyasi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Telekompaniya manbasining ma’lum qilishicha, Komi qarama-qarshilik yuzaga kelishi va prezident tomonidan ishdan bo‘shatilishi mumkinligidan xabardor, biroq bundan tashvishlanayotgani yo‘q.
Avvalroq Oq uy katta maslahatchisi Kellienn Konuey Fox News telekanaliga bergan intervyusida FQB direktoridan bu masaladagi unga ma’lum barcha ma’lumotlarni oshkor etishni talab qildi.
Konueyning so‘zlariga qaraganda, Tramp to‘liqroq razvedka ma’lumotlariga ega ekanligi tufayli suhbatlarni eshitish bo‘yicha ma’lumotni olgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning avvalgi rahbari Barak Obamani uning Nyu-Yorkdagi telefonini noqonuniy ravishda eshitib turganlikda ayblaganligi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)