Futbol bo‘yicha Xitoy Super ligasida 2017-yilgi mavsum rasman start oldi.
Yangi reglamentga ko‘ra, Xitoy klublari maydonda uch nafar legioner xizmatidan foydalanishi mumkin. Bu qaror kechikib qabul qilingani uchun, avvalroq yetakchi klublar kamida besh nafardan xorijlik futbolchi bilan shartnoma imzolab ulgurgandi. Jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov to‘p suradigan “Shanxay SIPG” klubi ham.
Mazkur jamoa bosh murabbiyi Andre Villash-Boash Osiyo Chempionlar ligasining ketma-ket uch o‘yinida Ahmedovni to‘liq o‘ynatgan bo‘lsa, Super liganing dastlabki turida futbolchini qaydnomaga kiritmadi ham. Braziliyalik uch yulduz futbolchi maydonga tushdi va o‘yin taqdirini ham aynan shu trio hal qildi.
Qiziq tomoni, raqib Anzur Ismoilov to‘p suradigan “Changchun Yatay” klubi edi. Uch braziliyalikka qarshi Ismoilov to‘liq harakat qildi. Uning jamoadoshlari hisobni birinchi bo‘lib ochgan bo‘lsa-da, yakunda 5 ta gol o‘tkazib yubordi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xitoy Super ligasidagi uchinchi vakili Yegor Krimets ham Ahmedov kabi qaydnomaga kirmadi. Mamlakatning so‘nggi ikki yillikdagi chempioni — “Guanjou Evergrand”ga qarshi maydonga tushgan “Beydzing Guoan” 1:2 hisobida yengildi. Jamoa bosh murabbiyi uch nafar legioner limitini ikkita braziliyalik va turkiyalik Burak Yilmaz bilan to‘ldirdi.
O‘zbekistonlik futbolchilarning Xitoy Super ligasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasligi mamlakat milliy terma jamoasi manfaatlariga zid yoki zid emasligi borasida aniq ma’lumot yo‘q.
Xitoy Super ligasi 1-tur 4-mart, shanba
“Shanxay SIPG” — “Changchun Yatay” 5:1
Gollar: Fan Siadong, 26 (0:1). Xalk, 34-pen (1:1). Elkesen, 43 (2:1). Elkesen, 51 (3:1). Elkesen, 59 (4:1). Vu Lei, 90+1 (5:1).5-mart, yakshanba
Izoh (0)