Qatar Yulduzlar ligasining 23-turiga kelib o‘zbekistonlik ikki futbolchi o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi va bu gollar ularning jamoasiga g‘alaba tortiq qildi.
Sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan “Al-Jaish” safarda to‘p surib, 2:1 hisobida zafar quchdi va turnir jadvalida kuchli uchlikka kirib oldi. Bunda Sardor Rashidovning goli “Al-Jaish” uchun kerakli bo‘ldi.
Qayd etish kerak, raqib jamoa — “Al-Mauydar” safida “Bunyodkor”ning sobiq futbolchisi — yaponiyalik Minori Sato to‘p suradi. U ham, Sardor Rashidov ham uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi.
Shu tariqa Rashidov Yulduzlar ligasining joriy mavsumida urgan gollari sonini 14 taga yetkazib oldi va u “Al-Jaish” yulduzi Romarinyodan o‘zib ketdi.
Bir emas ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi xizmatidan foydalanayotgan “As-Sayliya” ham safarda g‘alaba qozondi. Turnir jadvalida 5-o‘rinda borayotgan jamoa darvozasiga Temurxo‘ja Abduxoliqov 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Hujumchi o‘yinni asosiy tarkibda boshladi va so‘nggiga qadar harakat qildi. G‘alaba goli hakam hushtak chalishga chog‘lanayotgan bir vaqtda kiritildi.
Shu tariqa Abduxoliqov “As-Sayliya”dagi oltinchi o‘yinida to‘rtinchi golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov esa 72-daqiqaga kelib maydonda ko‘rinish berdi.
Sanjar Tursunov to‘p suradigan “Al-Haraytiyat” 4-mart kuni chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Lahviya”ni qabul qiladi. Mazkur turda peshqadam “As-Sadd” klubi 2 ochko yo‘qotgani uchun “Lahviya”da karvonboshi bo‘lib olish imkoniyati mavjud. Tursunov jamoadoshlari esa ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda.
Qatar Yulduzlar ligasi 23-tur 2-mart, payshanba
“Al-Mauydar” — “Al-Jaish” 1:2
Gollar: Ayub Al Vardasi, 50-pen (1:0). Sardor Rashidov, 54 (1:1). Seydu Keyta, 80 (1:2).“Al-Garafa” — “As-Sayliya” 2:3
Gollar: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 28 (0:1). Jorj Kvasi, 33 (1:1). Vagner Ribeyro, 39 (1:2). Muayd Hassan, 90+2 (2:2). Temurxo‘ja Abduxoliqov, 90+5 (2:3).4-mart, shanba“Al-Haraytiyat” — “Lahviya”