ATKR vaziri o‘rinbosari Kim Nam Sok O‘zbekistondagi faoliyatini yakunladi

O‘zbekiston bilan mehnat shartnomasi muddati tugagani munosabati bilan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari — AKT bo‘yicha maslahatchi, janubiy koreyalik Kim Nam Sok O‘zbekistondagi faoliyatiga yakun yasadi.

Bu haqda, “Gazeta.uz”ning yozishicha, vazirlik matbuot xizmati xabar qilgan. Kim Nam Sok O‘zbekistondagi faoliyatini 2013-yilda boshlagan edi.

Bir vaqtning o‘zida u bilan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori — AKT bo‘yicha maslahatchi Li Chul Su ham O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlamoqda.

Kim Nam Sok (o‘ngda) va Li Chul Su (chapda). Foto: “MITC.uz”

Kim Nam Sok (o‘ngda) va Li Chul Su (chapda). Foto: “MITC.uz”

Kim Nam Sok Janubiy Koreyaning elektron hukumat va AKTni jadal rivojlantirish bo‘yicha tajribasini o‘zlashtirish asosida ishlab chiqilgan “2013—2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi”ni shakllantirishda faol ishtirok etgan. Shuningdek, u O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lib, davlat va mahalliy boshqaruv organlari xodimlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazgan.

Uning taklif-tavsiyalari asosida mamlakatda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kim Nam Sok elektron hukumat va iqtisodiyotning real sektori uchun axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi LG CNS Uzbekistan qo‘shma korxonasining tashkil etilishida ham jonbozlik ko‘rsatgan.

Kim Nam Sok 2016-yilda O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

“Kim Nam Sok O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga, O‘zbekiston hukumatiga mamlakatda samarali mehnat qilishi uchun yaratib berilgan qulay shart-sharoitlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Kim Nam Sok (1956-yilda tavallud topgan) Kyonson oliy maktabi (1975-yil) va Xanyan universiteti (1980), Arizona universiteti (AQSh, 1986) va Songyungvan universiteti (Janubiy Koreya, 1989) bitiruvchisi. Muqaddam Janubiy Koreya davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing