AQShning Nevada shtati Las-Vegas shahri fuqarosi Rodni Kennon politsiyaga kanadalik xonanda Jastin Biber va uning soqchilari uni do‘pposlagani haqida ariza berdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Xabarda qayd etilishicha, Kennon Ogayo shtati Klivlend shahri huquq-tartibot xodimlariga murojaat qilgan. Erkakning aytishicha, hodisa iyun oyida, Klivlenddagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘ldi. Xonanda shirakayf holda Kennon o‘tirgan stolga kelib, unga tegishli bo‘lgan ko‘zoynakni taqib oldi. Kennon qo‘shiqchini suratga ola boshladi, bu esa Biberga yoqmadi.
Shundan so‘ng yigitlar o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Janjal vaqtida xonanda Kennonning yuziga uch marta musht tushirdi. Keyinroq Biberning soqchilari ham qo‘shildi va Kennonga bir nechta zarba berdi. Hujjatlarda qayd etilishicha, janjal natijasida Kennon jiddiy jarohat olgan. Uning ko‘zoynagi qaytarib berilmadi, telefoni esa buzilgan.
Kennon nima uchun bo‘lib o‘tgan voqea haqida politsiya xodimlariga bir necha oy o‘tib ma’lum qilgani qayd etilmagan. Biberga ayblov qo‘yilgani borasida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan. Xonandaning rasmiy vakillari hodisa yuzasidan izoh bermagan.
Mavzuga doir: Jastin Biber muxlisining yuziga musht tushirdi (video)
2014-yili Oq uy rasmiy saytida AQSh hukumatini Biberni mamlakatda yashash huquqidan mahrum qilib, AQShdan chiqarib yuborishga chaqirilgan petitsiya e’lon qilingandi. Hujjat 200 mingdan ziyod kishi tomonidan imzolandi, ammo AQSh ma’muriyati tomonidan bu holatga rasmiy izoh berilmadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)