“Urganch—Xiva” yo‘nalishida temiryo‘l qurilishi boshlandi

Xorazm viloyatida 10-fevral kuni “Urganch—Xiva” temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmatiga tayangan “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

Qayd etilishicha, temiryo‘lning ishga tushirilishi mintaqada yo‘lovchi va yuk tashish hajmini oshirib, sayyohlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan amalga oshirilmoqda. Prezident o‘zining Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha tegishli vazifalar bergan edi.

Davlat rahbari Xivada zamonaviy vokzal qurish zaruriyati hamda kelajakda mazkur qadimiy shahar orqali tezyurar “Afrosiyob” poyezdi harakatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida ham to‘xtalgan edi.

Ayni damda uzunligi 400 kilometr bo‘lgan “Navoiy—Konimex—Miskin” temiryo‘l liniyasi qurilishi loyihasi davom etmoqda.

Ushbu yo‘nalishning ochilishi yo‘lovchilarga Toshkent va Urganch o‘rtasidagi masofani tezroq bosib o‘tish imkonini beradi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing