Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Xurshid Davron kutubxonasi”

Foto: “Xurshid Davron kutubxonasi”

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi vazirliklari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston davlatlaridan taniqli navoiyshunos olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

O‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon bir oiladek yashab kelayotgan inoq xalqlardir. Bu Navoiyning ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi go‘zal fazilatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli g‘oyalari bilan uzviy bog‘liqdir. Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida bunday yirik anjumanning o‘tkazilishi buyuk so‘z san’atkoriga bo‘lgan cheksiz hurmat belgisidir. Buyuk mutafakkir ijodi biz, avlodlar uchun ulkan ma’naviy boylik bo‘lib, uni birgalikda o‘rganmoq, teran anglamoq har birimiz uchun sharafdir

Almaz Uvli, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi adabiyot institutining Ozarbayjon—Turkmaniston—O‘zbekiston adabiy aloqalar sho‘basi mudiri

Anjumanda ishtirokchilar sho‘balarga bo‘linib, Navoiy ijodini o‘rganishda erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida munozaralar o‘tkazdi.

Navoiy asarlarini dunyo tillariga tarjima qilish, zamonaviy o‘quvchiga yetkazish borasidagi ilmiy izlanishlar samarasi tahlil etildi.

Konferensiyada Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga oid ko‘rgazma tashkil etilib, “Farhod” madaniyat saroyida taniqli aktyor va san’atkorlar tomonidan sahna ko‘rinishi ijro etildi, shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.