Bugun, 10-fevral kuni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara postida o‘zbekistonlik san’at va madaniyat namoyondalari tomonidan kutib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati

Foto: Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining chegara oldi hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, aholi, ayniqsa yoshlarni Qirg‘iziston teatr san’atining namunalaridan bahramand etish hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ijodiy tashrif 17-fevralgacha davom etadi.

Foto: Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati

Foto: Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati

Ijodiy safar davomida Bobur nomidagi o‘zbek musiqali drama teatrining “Aykol Manas” spektakli joriy yilning 10—12-fevral kunlari Andijon viloyati musiqali drama teatrida, 13—14-fevral kunlari Namangan viloyati musiqali drama teatrida hamda 15—17-fevral kunlari Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyida o‘tkaziladi.

Gastrol safari davomida teatrlarda qirg‘iz hamda o‘zbek san’ati namoyondalari o‘rtasida ijodiy uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etiladi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.