“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning prognoziga ko‘ra, 2017-yilda kompaniya tomonidan 49 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha 815 million dollardan ziyod mablag‘ o‘zlashtiriladi. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” xabar bermoqda.
Axborotda qayd etilishicha, material va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 24 loyiha Toshkent mexanika zavodi (sobiq TAPOiCh) doirasida amalga oshiriladi.
Moliyalashtirish manbalari sifatida
- davlat budjeti (85,34 million dollar),
- O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (145,17 million dollar o‘zlashtiriladi va 114,8 million dollar jalb etiladi),
- hukumat kafolatiga tayangan xorijiy investitsiyalar (168,07 million dollar o‘zlashtiriladi va 97,01 million dollar jalb etiladi),
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar (2,23 million dollar o‘zlashtiriladi va jalb etiladi),
- kompaniyaning o‘z mablag‘lari (414,95 million dollar) belgilangan.
Bundan tashqari, “Pop—Namangan—Andijon” temiryo‘lini elektrlashtirishni boshlash, Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘li ikkinchi navbati va Sirg‘ali yo‘lini hamda ekskavatorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zavodni qurish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda 9 ta obyektni foydalanishga topshirish maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, 2016-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 831 mln dollardan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)