Janubiy Koreyadagi AQSh qo‘shinlari KXDRga zarba berish uchun imkoniyatlarni kuchaytirmoqchi

Koreya Respublikasidagi Amerika qo‘shinlari KXDRga zarba berish uchun imkoniyatlarini mustahkamlashi kerak. Bu haqda Seuldagi xavfsizlik bo‘yicha telekonferensiyada AQShning Janubiy Koreyadagi harbiy kontingenti qo‘mondoni general Vinsent Bruks ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: AP

Foto: AP

“Kim Chen In o‘z mamlakatini qanday yo‘nalishda yetaklab borayotgani aniq-ravshan, u AQShga xavf solishi mumkin bo‘lgan hamda tiyib turish maqsadlarida ham, ‘majbur qilish diplomatiyasi’ olib borish uchun ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan to‘la-to‘kis arsenalni yaratish niyatida”, — deb hisoblaydi u.

Bruks so‘zlariga ko‘ra, Pxenyanning mobil platformadagi mingdan ortiq ballistik raketalari bor, shuningdek, u qit’alararo yangi raketalarni uchirish bilan tahdid qilmoqda.

“Bu yerda oddiy mudofaa yetarli emas. Agar biz kamonchilarni o‘ldira olmasak, barcha o‘qlarni tuta olmaymiz”, — dedi u. General ta’kidlashicha, Janubiy Koreyada aholi yuqori zichlikda joylashgani uchun, Shimoliy Koreyaning birgina raketasi ham dahshatli talafot yetkazishi mumkin. Shu tufayli, uning fikricha, Janubda raketaga qarshi mustahkam mudofaa tizimini yaratish va zarba salohiyatini o‘stirish kerak.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing