Germaniyaning Adidas kompaniyasi elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasining Model 3 modelidagi logotipi ko‘chirilganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Motor”.
Adidas vakillarining fikricha, elektrokar uchun yaratilgan uch chiziqli logotip nemis ishlab chiqaruvchisinikiga o‘xshab ketadi. Nemis kompaniyasi vakillari mazkur holat yuzasidan rasmiy e’tiroz yo‘lladi.
Hujjatlarda qayd etilishicha, Adidas uch chiziqli logotipdan 1952-yildan buyon foydalanib keladi. Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchisi rasmiy e’tirozida Model 3 logotipi Adidas logotipiga “juda o‘xshash yoki deyarli bir xil” ekanini qayd etgan.
Geek Wire nashrining yozishicha, Tesla shikoyatga javob tariqasida uch chiziqli logotipni “3” raqamiga o‘zgartirdi. Yangi elektrokarning logotipi sifatida “3” raqami ishlatilishini Tesla rahbari Ilon Mask ham Twitter’dagi sahifasida tasdiqladi.
Tesla Model 3 ning dastlabki nuxsalari 2018-yilning oxirida sotuvga chiqishi ko‘zda tutilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.