Al-Kuvayt shahrida 8-fevral kuni O‘zbekiston—Kuvayt biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Forum ishida Kuvayt davlatida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi ishtirok etdi. Forumning ochilish marosimidagi nutqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kuvayt Savdo-sanoat palatasidagi tadbirdan bag‘oyat mamnun bo‘lganini izhor etdi.
Vazir O‘zbekiston—Kuvayt aloqalarini yanada izchil rivojlantirish va davlatlar o‘rtasidagi ishlatilmagan salohiyatdan faol foydalanish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligiga alohida urg‘u berdi. Hamkorlikning savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion yo‘nalishlari Kuvayt bilan ikki tomonlama munosabatlarda eng ustuvor va istiqbolli soha sifatida qaraladi.
“Ta’kidlandiki, biznes sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun hozirgi paytda O‘zbekistonda barcha zarur sharoitlar yaratilgan; O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng huquqiy kafolat va imtiyozlar tizimi shakllantirildi, korxonalarning xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora tadbirlar tizimi ishlab chiqildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Biznes-forum ishida Kuvayt Savdo-sanoat palatasi Direktorlar kengashi a’zolari, Kuvaytning yetakchi kompaniyalari, jumladan KIPCO, KAMCO, Kuvayt investitsion kompaniyalari, Kuvayt investitsiya agentligi, Thuwany Trading Company kompaniyasi, Burgan Bank vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.