Tojikiston poytaxti Dushanbeda 2017-yil mart oyida O‘zbekistondagi sanoat korxonalari mahsulotlarining birinchi ko‘rgazmali yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu boradagi tashkiliy masalalar O‘zbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi doirasida muhokama qilindi, deb xabar beradi UzDaily.
Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi Sharif Said O‘zbekiston delegatsiyasi bilan olib borilgan muzokaralar chog‘ida ikki davlat ishbilarmon guruhlarining biznes-forumini tashkil etishni taklif qildi.
Ko‘rgazma doirasida o‘tkazilishi taklif etilgan mazkur forum qo‘shni mamlakat mahsulotlari bilan tanishish, Tojikiston bozori hamda talabni o‘rganish imkonini beradi.
Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarini yangi darajaga ko‘tarish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish hamda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiluvchi ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Tojikistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rejalashtirilayotgan ko‘rgazma joyini aniqlash uchun bir necha obyektlarni ko‘zdan kechirdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.