Islandiyada dunyodagi eng chuqur vulqon qudug‘ini qazish ishlari o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Iceland Deep Drilling Project (IDDP) loyihasi saytida xabar berildi.
1-fevralda e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, qazish 25-yanvar kuni tugatilgan. Quduq chuqurligi 4659 metrga teng bo‘lib, uning ichidagi harorat 427 darajani, bosim esa 340 barni tashkil etadi.
Mutaxassislarning fikricha, bosim bilan bog‘liq ko‘rsatkich tuynuk diametri kengayishi bilan hamohang tarzda o‘sib borishi mumkin.
Quduq Islandiyaning vulqon so‘nggi bor 700 yil avval otilgan Reykyanes yarimorolida joylashgan. 2016-yil 11-avgustida boshlangan qazish ishlari 176 kun davom etdi.
Avvaliga quduqni qariyb 5 ming metrgacha qazish rejalashtirilgan edi. Biroq bosim va harorat nihoyatda baland bo‘lgani bois, mutaxassislar qazishni shu chuqurlikda to‘xtatishga qaror qildi.
IDDP loyihasi yer ostidagi issiqlik energiyasini elektr quvvatiga aylantirishni ko‘zda tutadi. Mutaxassislar fikricha, chuqurlikdan chiquvchi bug‘ yer ustiga yaqin geotermal manbalarga nisbatan 10 barobar ko‘p energiya bera oladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.