Toshkentning “Lokomotiv” klubi 55 yoshdan oshgan futbol muxlislarini o‘z stadioniga bepul qo‘yadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 55 yosh va undan katta bo‘lganlar stadion kassasiga tashrif buyurib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi. Chiptachi esa unga bepul chipta beradi. Bunda yoshi kattalar uchun alohida sektor ajratiladimi yoki ularning istagi bo‘yicha muayyan sektor chiptasi taqdim etiladimi aniqlik kiritilmagan.
55 yoshdan oshgani yaqqol ko‘rinib turgan, biroq shaxsni tasdiqlovchi hujjatini uyida unutib qoldirgan nuroniylarga chipta taqdim etiladimi yoki yo‘q ma’lum emas. Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra, stadion sig‘imidan ko‘proq 55 yoshdan oshgan muxlislar “Lokomotiv” o‘yini uchun tashrif buyurishi mumkin. Bunday holatda klub ishqibozlar tashrifidan pul ishlay olmaydi.
“Lokomotiv”, shuningdek, yillik abonementlarni ham sotuvga chiqarishni rejalashtirgan. Ular yordamida klubning barcha uy uchrashuvlariga kirishni 1 ta yaxlit chipta orqali hal qilish mumkin bo‘ladi.