O‘zbek milliy akademik drama teatrida 1-fevral kuni bino 3-qavatida joylashgan “O‘zbek milliy akademik drama teatri muzeyi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.

Foto: qalampir.uz

Foto: “Qalampir.uz”

Marosimni O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov ochib berdi. Tadbirda Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov ishtirok etib, so‘zga chiqdi va O‘zbek milliy akademik drama teatrining o‘zbek teatr san’atida tutgan o‘rni, uning bugungi mavqei, spektakllarning tomoshabinlarga berayotgan ma’naviy ozuqasi haqida gapirdi.

Teatr binosining uchinchi qavatida tashkil etilgan muzey aslida bundan bir necha yil ilgari ish boshlagan edi. Muzey yangi eksponatlar, teatr tarixiga oid yangi buyumlar, spektakllarda taniqli san’atkor kiygan liboslar bilan boyitildi.

Muzeyda O‘zbekiston xalq artistlari Maryam Yoqubova, Sora Eshonto‘rayevaning urush yillarida sahnalashtirilgan spektakllarda kiygan liboslari ham o‘rin olgan.

Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Rihsi Ibrohimovaning “Mirzo Ulug‘bek”, Muqaddas Xoliqovaning “Nodirabegim”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehriddin Rahmatovning “Jaloliddin Manguberdi”, Saida Rametovaning “Sohibqiron”, Ra’no Yarashevaning “Uvaysiy” spektakllaridagi yaratgan obrazlariga oid liboslar, detallar ham muzeyga joylashtirilgan.

Muzey devorlariga O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida namoyish etilgan spektakllarning suratlari ilib chiqilgan.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.