Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etadigan Toshkentning “Lokomotiv” klubi yaqin kunlar ichida “Paxtakor”dan Jaloliddin Masharipovni olib kelishi mumkin. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
“Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchining transferi haqida rasmiy manbalar xabar bermagan bo‘lmasa-da, ijtimoiy tarmoqlarning O‘zbekiston futboliga befarq bo‘lmagan auditoriyasi bu haqda yoza boshladi. “Championat.asia” taxminiga ko‘ra, “Lokomotiv” Masharipovni bir yillik ijara asosida o‘ynatishi ham mumkin. Yarim himoyachining “paxtakorchilar” bilan amalda bo‘lgan 2 yillik shartnomasi mavjud.
Jaloliddin Masharipov 2016-yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan bo‘la oldi. U to‘p suradigan “Paxtakor” mavsumni 5-o‘rinda yakunlaganiga qaramay, eng yaxshi futbolchilar uchun ovoz berishda Masharipov Oliy ligada 22 ta gol urgan Temurxo‘ja Abduxoliqovdan keyin 2-o‘ringa joylashgandi.
Jumladan, Oliy liga murabbiylari va futbolchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada chempionatning dastlabki to‘rt pog‘onasidan joy olgan klub vakillari Masharipovni yodga olib o‘tgan. Endilikda uning ustoziga aylanishi mumkin bo‘lgan “Loko” murabbiyi Mirko Yelichich hamda “temiryo‘lchilar” sardori Timur Kapadze, shuningdek, “Bunyodkor” ustozi Sergey Lushchan va sardori Akmal Shorahmedov, “Nasaf” hamda “Buxoro” klubi sardorlari o‘z ovozlarida Jaloliddin Masharipovni ham qayd etib o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” 2017-yilgi mavsumda xalqaro maydonda ishtirok etmaydi. “Lokomotiv” esa Osiyo Chempionlar ligasi doirasida eng kamida 6 ta o‘yin o‘tkazadi. Masharipovning “temiryo‘lchilar” safiga borib qo‘shilishi futbolchini xorij klublariga reklama qilishda ham as qotadi. Shuningdek, Server Jeparov, Sanjar Shoahmedov kabi yetakchi yarim himoyachilarini qo‘yib yuborgan “Lokomotiv” tarkibini kuchaytiradi.