Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga Fransiya sobiq prezidenti Jak Shirak nomzodi ilgari surildi. Bu borada tegishli hujjatlar va ularning ilovasi Nobel qo‘mitasiga 23-yanvar kuni topshirildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Le Figaro nashri axborotiga ko‘ra, ushbu oliy xalqaro mukofotga “ko‘p tomonlama tinchlikni yaratish jarayoniga qo‘shgan hissasi uchun” Jak Shirakning nomzodini ilgari surish sobiq prezidentning do‘stlari va siyosiy safdoshlari tomonidan taklif qilingan.
Ular orasida Fransiya Milliy kengashining sobiq prezidenti Bernar Akuayu, sobiq bosh vazir Jan-Pyer Raffaren, Yelisey saroyining sobiq bosh kotibi va Jak Shirakning kuyovi Frederik Sala-Baru bor.
Shuningdek, 2016-yil yozida paydo bo‘lgan ushbu g‘oyani Shirakning qadrdon do‘sti, Senegalning sobiq prezidenti Abdu Diuf ham qo‘llashini ma’lum qildi.
Tashabbus mualliflari “Jak Shirak, muloqot va tinchlikka sodiq siyosatchi” nomli assotsiatsiyaga asos soldi. Assotsiatsiyaga Fransiyaning sobiq iqtisodiyot vaziri Tyerri Breton rahbarlik qilmoqda.
G‘oya Fransiya hukumatining rasmiy vakili Stefan Le Fol tomonidan ham iliq kutib olindi.
Shirak nomzodini mukofot uchun loyiq topish to‘g‘risidagi petitsiya hozirgacha 280 deputat tomonidan imzolandi. Ularning asosiy qismini “Respublikachilar” partiyasi a’zolari tashkil etadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)