“Qaraqalpaqtrans” avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashuvchilar respublika assotsiatsiyasiga bir oy muddatda Nukus shahrida yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportlari — avtobus va yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchilar tomonidan yo‘l haqini to‘lash uchun bank plastik kartochkalari orqali sotib olinadigan maxsus jetonlarni tashkillashtirish, uning harakatini nazoratga olish tartibi haqidagi ko‘rsatma ishlab chiqish topshirildi. Bu haqda Assotsiatsiyaning bo‘lim boshlig‘i Bahadir Ataniyazov “G‘arezsizlik ham nizam” nashriga ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda “KRuz.uz”.
Qayd etilishicha, “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining “Toshkent zarbxona”siga jetonlar ishlab chiqish uchun buyurtma berilgan.
Nukus shahrining gavjum 10 nuqtasida maxsus uskunalar o‘rnatilishi natijasida jetonlarni plastik kartochkalari orqali sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, 2018-yilning 1-iyuligacha Nukus shahri va viloyatlar markazlarida transport vositalarida yo‘l haqini bank plastik kartasi orqali naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, 1-martdan boshlab naqd pulsiz yo‘l haqi to‘lash tizimi amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishda Nukus shahri hokimining ham qarori chiqarilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.