Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi Janubiy Koreyaning “Chonbuk Motors” klubini qit’a chempionlar ligasining 2017-yilgi mavsumidan chetlatdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq “Chonbuk Motors” o‘z chempionatida kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin ekani taxmin qilingandi. OFK bergan ma’lumotga ko‘ra, jamoa Key liganing 2013 va 2014-yilgi mavsumlarida chindan ham bu ishga qo‘l urgan va hakamlarni o‘z tomoniga og‘dirishga ulgurgan.
Key ligani o‘tkazish uchun javobgar tashkilot bu holatni aniqlashi bilan “Chonbuk Motors”ni yangi mavsum oldidan 9 ochkodan mahrum qilishga qaror qildi. OFK esa 2017—2020-yilllar davomida amalda bo‘ladigan reglamentdan kelib chiqib, “Chonbuk Motors”ni xalqaro maydondan chetlatdi.
OFK “Chonbuk Motors” qo‘l urgan ish sport prinsiplariga zid ekani haqida aytgan. Rasmiy saytdagi xabar ostiga esa tashkilot bu borada boshqa hech qanday tushuntirish bermasligi izoh sifatida yozilgan.
Ma’lumot uchun, “Chonbuk Motors” Osiyo chempionlar ligasining so‘nggi mavsumida chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lib, finalda Amirliklarning “Al-Ayn” klubini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
“Chonbuk Motors” qur’a tashlab bo‘lingan 2017-yilgi OChL musobaqasida “H” guruhida kurash olib borishi kerak edi. Endi uning o‘rnida Janubiy Koreyaning boshqa bir jamoasi “Jeju Yunayted” guruh bosqichiga qo‘shiladi. Bu zonadan, shuningdek, Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” va Xitoyning “Jiangsu Suning” klublari joy olgan. To‘rtinchi raqib nomi pley-offdan keyin aniq bo‘ladi.
Izoh (0)