O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Tanlangan asarlar”, uning qoraqalpoq tilida nashr etilgan “Ruhlar isyoni” dostoni va adabiyotshunos R. Inog‘omovning “Shoirlik qismati” kitoblari nashr etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ushbu yangi chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Unga adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, talabalar taklif etildi.
Universitet rektori A. Marahimov, O‘zbekiston xalq shoiri A. Obidjon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri N. Jonuzoq va boshqalar Erkin Vohidovning ijodiy merosi yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, adabiyotga qiziqishini uyg‘otish va ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Erkin Vohidovning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” jamoat fondi tomonidan nashrga tayyorlanib, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida chop etildi. Shoirning qoraqalpoq tilida nashr etilgan “Ruhlar isyoni” dostonini Nukusdagi “Bilim” va adabiyotshunos R. Inog‘omovning “Shoirlik qismati” kitobini “Mashhur-press” nashriyotlari chiqardi.
Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyishi va shoir ijodidan o‘qilgan namunalar tadbirga yanada fayz kiritdi.