14-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatni 2016-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017-yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Majlis ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, hukumat a’zolari, xo‘jalik birlashmalari, jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari qatnashdi. Birinchi bor viloyat, shahar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan studiyalar bilan videokonferensiya aloqasi orqali hukumat majlisida mahalliy hokimiyat, vazirlik, idoralar hududiy bo‘linmalari, korxonalarning rahbar xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.

Vazirlar Mahkamasi majlisi kun tartibiga kiritilgan muhim masalalarni muhokama qilish davomida 2016-yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga o‘sganligi qayd etib o‘tildi. Sanoat mahsuloti hajmlari — 6,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari — 12,5 foizga, chakana savdo aylanmasi — 14,4 foizga, xizmatlar — 12,5 foizga o‘sdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlandi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi va 5,7 foizni tashkil etdi.