Rottnest orolidan Avstraliyaga kvokka — kalta dumli kenguru qochib ketdi. Endi Pert shahri rasmiylari hayvonni qidirmoqda, chunki noodatiy muhitda u halok bo‘lishi mumkin, deb yozadi Meduza.
Uni birinchi bo‘lib shahar chiqindilarni qayta ishlash markazi xodimi uchratib qoldi. U JARdan bo‘lganligi uchun bunday hayvonning mavjudligi haqida bilmagan shekilli, katta kalamushga duch kelganligini taxmin qildi.
Erkak “Katta kalamush”ning xira suratlarini hamkasbiga ko‘rsatdi, u esa suratda kalta dumli kenguru ekanligini ma’lum qildi. U ovqat qidirib chiqindi konteyneriga chiqqan, shundan so‘ng konteyner barjaga ortilib, Rottnestdan Pertga kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
Kvokkalar o‘z orolida xavfsiz sharoitda hayot kechiradi, chunki u yerda yirtqich hayvonlar yo‘q, avtomobillar esa taqiqlangan. Materikka kelib qolgan hayvonning taqdiri xavotir uyg‘otmoqda.
Qochib ketgan kvokka qayerga ketib qolganligi hozircha noma’lum. U chiqindilar ichiga yashirinib olgan yoki markaz o‘rab olingan devordan tirqish topgan bo‘lishi mumkin.
Hayvon topilgan taqdirda ham u endi Rottnestga qaytmaydi, chunki u biror infeksiya yuqtirib olgan bo‘lishi va uni oroldagi turdoshlariga ham tarqatishi mumkin. Kvokka mahalliy hayvonot bog‘i yoki yovvoyi tabiat bog‘iga joylashtiriladi.
Izoh (0)