UFC va MMA jangchilari “aralash jang san’ati — san’at emas” deb aytgan aktrisa Meril Stripdan xafa boʻldi

Aralash jang turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtiruvchi tashkilotlarning rahbarlari AQShning saylangan prezidenti Donald Trampni tanqid qila turib, aralash jang san’atini tilga olib o‘tgan amerikalik aktrisa Meril Stripning so‘zlariga munosabat bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Mutlaq jang chempionati (UFC) prezidenti Dana Uayt va AQShning Bellator MMA (mixed martial arts, aralash jang san’ati) tashkiloti rahbari Skott Kokerning fikricha, Meril Strip MMA’ni san’at emas deb atab, bu sport turi jangchilarini asossiz ravishda xafa qilgan.

Dana Uayt aktrisaga “80 yoshli takabbur xonim” deb ta’rif bergan (ta’kidlash joiz, aktrisa hozirda 67 yoshda). “Albatta, aralash jang san’ati — san’at. Bu jangchilar — erkaklar va ayollar — juda iste’dodli. Bunday ahmoqona gaplarni gapirish aktrisaning haqiqatdan ham mavjud bo‘lgan iste’dodini inkor qilish bilan barobardir”, — deydi UFC prezidenti.

Oʻz navbatida, Koker Stripni joriy yilning 21-yanvarida boʻlib oʻtadigan turnirga taklif qilib, “aralash jang san’ati haqiqiy san’at” ekanligiga oʻz koʻzlari bilan guvoh bo‘lishga chaqirdi.

8-yanvar kuni “Oltin globus” taqdimot marosimida chiqish qilarkan, kinematografga qo‘shgan hissasi uchun Sesil B. De Mill mukofoti bilan taqdirlangan Meril Strip “Gollivud kelgindilar va xorijliklar bilan to‘la ekani”ni qayd etib o‘tgan edi. “Agar ularning barchasini quvib solsak, amerikacha futbol va aslida hech qanday san’at hisoblanmagan aralash jang san’atini tomosha qilishdan o‘zga chora qolmaydi”, — degandi aktrisa. Aktrisaning bu so‘zlari uning Tramp tanqidiga bag‘ishlangan chiqishi bilan mos tushadi: bu holatda u saylangan prezidentning qattiqqo‘l migratsiya siyosatini nazarda tutgan edi.

Stripning so‘zlariga javoban, Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbat vaqtida aktrisani noxolislikda aybladi, chunki u AQShda noyabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Trampning raqibi — demokrat Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagan edi. Keyinroq Tramp Twitter’dagi sahifasida sakkiz karra “Oltin globus” sohibi hisoblangan Stripni Gollivudning eng ko‘p ortiqcha baho berilgan aktrisasi, deb atagan edi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing