Xalqaro futbol uyushmasi FIFA 2026-yilgi jahon chempionatidan boshlab uning bir necha o‘n yillardan buyon davom etib kelayotgan formatini o‘zgartirishi haqida rasman ma’lum qildi. Unga ko‘ra, har to‘rt yillikning eng yirik futbol turnirida 32 ta emas, balki 48 ta terma jamoa g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

O‘z-o‘zidan konferedatsiyalar uchun ajratiladigan kvotalar soni ham 2026-yildan boshlab o‘zgaradi. Rejaga ko‘ra, Yevropa qit’asining 16 ta terma jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu ko‘rsatkich Afrikada 9,5 tani, Osiyoda 8,5 tani, Janubiy va Shimoliy Amerikada 6,5 tani tashkil qiladi. Okeaniya mintaqasiga 1 ta alohida joy ajratiladi.

48 ta terma jamoani 16 ta guruhga bo‘lish rejasi ishlab chiqilgan. Shunda har bir guruhda 3 tadan terma raqobat olib boradi va ularning 2 tasi navbatdagi bosqichga yo‘llanma oladi. Bu qaror FIFA iqtisodiyotiga yanada foydali bo‘lishi aytilgan.

2018-yilgi mundialga Rossiya, 2022-yildagisiga esa Qatar mezbonlik qiladi. 2026-yilgi jahon chempionati qayerda o‘tishi masalasi hal etilmagan. Ayni vaqtda Hindiston va Xitoy bu yo‘lda qo‘shma ariza berishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Ekvador, Boliviya, Peru va Paragvay mamlakatlari ham 2026-yilgi JChni birgalikda o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Kanada va Yangi Zelandiya ham mundialni o‘zida qabul qilishni istaydi.