AQSh prezidentligiga saylovda Demokratlardan nomzod sifatida ishtirok etgan Hillari Klintonning yaqin dugonasi Nira Tanden siyosatchi Nyu-York merligiga nomzodini ko‘rsatmasligini aytdi. Bu haqda u CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Ilgariroq AQSh Demokratik partiyasi o‘z vakili Bill de Blazioning Nyu-York rahbari sifatidagi ishidan juda noroziligi ma’lum bo‘lgan edi. Shu bois partiya Hillari Klintonni ushbu lavozim uchun kurashga chaqirmoqda.
2017-yili de Blazio ushbu lavozimga o‘z nomzodini qayta ko‘rsatish uchun partiya praymerizlarida ishtirok etishi lozim bo‘ladi. Tahlilchilarning fikricha, Klinton xonim mana shu dastlabki bosqichdayoq undan ustun kelishi mumkin.
Ammo Tanden xonim dugonasi bu mansab uchun raqobatda hech qachon ishtirok etmasligini aytdi.
“O‘ylashimcha, u oilalar va bolalarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. U bu masalalar bilan oldindan shug‘ullanib kelgan”, — dedi u.