General Motors Trampning tanqidi tufayli ishlab chiqarish rejalarini o‘zgartirmoqchi emas

Amerikaning avtomobilsozlik sohasidagi yetakchi kompaniyasi General Motors AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning o‘z zavodlarini AQShdan tashqarida qurayotgan kompaniyalarga qaratilgan tanqidlariga qaramay, korxonalarni chet elga joylashtirish rejalarini qayta ko‘rib chiqmaydi. Bu haqda korporatsiya bosh direktori Meri Barra ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: EPA

Foto: EPA

“Avtomobil biznesi korxonalarni joylashtirish uchun joy tanlashda uzoq muddatli rejalashtirishni talab etadi, qarorlar ikki yoki to‘rt yil uchun oldindan  qabul qilinadi”, — dedi u.

Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, GM Chevrolet Cruze xetchbeklarining bir qisminigina Meksikada chiqarmoqda, ushbu modeldagi sedanlarning barchasi Amerikaning Lordstaun shahrida joylashgan fabrika konveyerlaridan chiqmoqda.

Barra, shuningdek, Trampning Meksikada tayyorlangan General Motors avtomobillarini AQShga olib kirish uchun tariflar kiritish haqidagi taklifini izohlashga hali juda erta ekanligini ma’lum qildi.

O‘z saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp doimo ba’zi yirik korporatsiyalar soliq yukini kamaytirish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish maqsadida, amerikaliklarni ish o‘rinlaridan mahrum etgan holda, ishlab chiqarishning bir qismini chet elga ko‘chirishiga e’tibor qaratardi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing