“Darakchi.uz” nashri ijod zavqidan bahramand yashayotgan Mavluda Asalxo‘jayevaning ko‘ngil kechinmalarini taqdim etdi.
Mavluda Asalxo‘jayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
2016 yil... Omadli, quvonchli va barakali yil bo‘ldi. Uchinchi bora buvi bo‘ldim, endi uch nafar nevaram bor! Yigirmata qo‘shiq yozdim. Ba’zida san’atkor yozgan qo‘shiq tinglovchi uchun juda chiroyli tuyulishi mumkin, ammo xonandaning o‘zi kutganidek chiqmaydi. Yangi qo‘shiqlarimning hammasi, avvalo, o‘zimga yoqdi! Shunga qay biriga klip suratga olsam ekan, deb boshim qotgan.
Duet. Ijodimda duetlar omadli chiqqan. Biror xonanda bilan hamkorlikda kuylash, bu ikki tomonga nafaqat omad olib kelishi kerak, san’atkorlarning yangi bir qirrasini kashf qilishi ham lozim. O‘zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullayeva, G‘ulomjon Yoqubov, Ozodbek Nazarbekov va Gulsanam Mamazoitovalar bilan duet kuylashni istardim.
Umr yo‘ldosh... San’atkor ayol uchun turmush o‘rtog‘i ham shu sohaning vakili bo‘lganini faqat yutuq, deb bilaman. San’atga kirib kelgan kezlarimdayoq taqdirim san’atkor bilan bog‘lanishini istardim. Tushunmovchiliklar, rashk ayolning erkin ijod qilishiga yaxshigina to‘siq bo‘ladi. Ijodkor uchun tushunishlari muhim. O‘zini ham, san’atini ham. Ayrim ayollar san’atimni gullab-yashnashiga imkoniyat yaratadi, degan o‘yda oila qurishadi. Ammo gap faqat pul yoki ijod qilishini taqiqlashdamas, yelkadosh insonining uning qo‘shiqlarini his qila bilishida ham.
Men va qizim. Marjonaning fe’li biroz og‘ir, mendek hamma gapni sharta-sharta gapirmaydi. Yuvoshligi sabab ko‘pchilik mening qizim ekanligini eshitib hayron qoladi. Ikkimizning o‘xshash tomonimiz esa bitta — chaqimchimasmiz! Hech qachon birovning gapini birovga tashimaganman, qizim ham shu xislatni o‘zlashtirganidan xursandman.
Vaqt hukmi. Yillar insonni ulg‘aytiradi, ammo ko‘ngil yoshligicha qolarkan. Shu sabab musiqiy albomimdan yoshlar uchun ham, katta yoshlilar uchun ham qo‘shiqlar o‘rin egallashiga e’tibor qarataman.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)