Moldovaning sobiq prezidenti, kommunistlar partiyasi yetakchisi Vladimir Voronin Ruminiyaning sobiq prezidenti, ikki davlatning birlashishi tarafdori bo‘lgan Trayan Besesku Moldova fuqaroligidan mahrum qilinganini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Muqaddam Moldovaning amaldagi prezidenti Igor Dodon Beseskuni Moldova davlatchiligini hamda moldovan xalqini inkor qilishda ayblab, u Moldova fuqaroligidan mahrum qilinganini bildirgan edi.
“Ikki marta Ruminiya prezidenti bo‘lgan kishiga Moldova fuqaroligi nimaga kerak? Ruminiya qonunchiligidan yashirinish uchunmi? Moldovada siyosat bilan shug‘ullanish uchunmi? Shu yillar davomida Besesku moldovan siyosiy toifalari va jahon hamjamiyati orasiga o‘zining reallikdan uzoq bayonotlari bilan ig‘vo solib keldi”, — deb bu yangilikka fikr bildirdi Vladimir Voronin.
Trayan Besesku Ruminiya va Moldova davlatlarining birlashishi tarafdori hisoblanadi. Rossiyaga xayrixoh kuchlar vakili bo‘lmish Igor Dodon g‘olib bo‘lgan prezident saylovida u Yevropaga xayrixoh kuchlar vakili foydasiga targ‘ibot olib bordi hamda Moldovaning Rossiyaga yaqinlashishiga, shuningdek, Dodonning siyosiy dasturiga qarshi chiqdi.
Izoh (0)