Kanadalik Olga Beno ismli ayol 27 yil davomida tushiga kirgan raqamlar kombinatsiyasini lotereya o‘yinlarida qo‘llab keldi va nihoyat 2016-yilning 28-dekabrida 5,3 million Kanada dollari (4 million AQSh dollari atrofida) yutib oldi. Bu tushni u 1989-yili ko‘rgan edi, deb xabar beradi TJournal.
Beno xonimning hikoya qilishicha, 1989-yili uning tushiga bir qancha raqamlar kirgan. Buni eslab qolgan ayol qandaydir sababga ko‘ra ulardan lotereyada foydalanishga qaror qilgan. O‘shandan buyon u 27 yil davomida lotereya chiptalarini xarid qilib, bir xil raqamlarni to‘ldirib boravergan.
G‘olib bo‘lgan kuni Olga Beno televizor orqali lotereya o‘yinini ko‘rib borgan, ammo ekranda aks etgan sonlarga e’tibor bermagan. Ertasiga esa u singlisi bilan gazetani ko‘rib chiqib, ana shundagina o‘zi g‘olib bo‘lganini tushungan.
O‘n yil muqaddam Olga Beno saratonga chalingani aniqlangan edi. Davolanish uchun u o‘z uyini sotib, ijaraga ko‘chishga majbur bo‘lgan edi. Endilikda ayol yutuq puliga uy sotib olishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)