Kuchli jala va “Aksel” dovuli Boltiq dengizining Germaniya sohilida 2006-yildan beri kuzatilgan eng yirik suv toshqinini keltirib chiqardi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Toshqin oqibatida shaharlar ko‘chalari va u yerda turgan ayrim mashinalar suv ostida qoldi. Ko‘cha savdogarlarining do‘konlari va ayrim tamaddixonalar jiddiy zarar ko‘rdi, ammo odamlar orasida qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.
Suv toshqini Kil shahridan Polsha chegarasidagi Uzedom oroliga qadar bo‘lgan shahar va qishloqlarni qamrab olgan. Ayniqsa Rostok va Shtralzund shaharlarida kuchli toshqinlar kuzatildi, shuningdek, Vismar portida suv sathi me’yoridan 1,83 metrga yuqoriroq bo‘ldi.
Deutsche Welle’ga ko‘ra, “Aksel” dovuli Germaniyaning Langeog oroli yaqinidan o‘tayotgan Reederei Maersk kompaniyasiga (Daniya) tegishli bir nechta konteynerlarni ag‘darib yuborgan, buning oqibatida sohilga ichiga o‘yinchoq solingan o‘n minglab Pasxa tuxumlari chiqib qolgan.
Izoh (0)