Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Guliston shahrida aholi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan muloqotda aholi murojaatlari bilan ishlash, shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni chuqur o‘rganish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotda mahallalarda yechimini kutayotgan muammolar, qurilish ishlari, ko‘cha va yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, “Ahillik” va “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimida muammolar borligi qayd etildi. Viloyat hokimi mutasaddi idoralar rahbarlariga ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
“Viloyat hokimining aholi bilan muloqot o‘tkazayotgani muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, — dedi ‘Mahalla’ xayriya jamoat fondi Guliston shahar bo‘limi raisi R. Bektemirov. — Bunday muloqotlar o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish, viloyatimizni yanada obod va go‘zal vohaga aylantirishga xizmat qiladi”.
Izoh (0)