Italiyalik mashhur mutaxassis Marchello Lippi boshchilik qilayotgan Xitoy terma jamoasi yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida xalqaro turnirda ishtirok etadi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
10—15-yanvar kunlari oralig‘ida Xitoyda Chili, Islandiya va Xorvatiya terma jamoalari mehmon bo‘ladi. Reglamentga ko‘ra, Xitoy yarim final o‘yinida Islandiya bilan bellashsa, Chili va Xorvatiya o‘zaro hisob-kitob qiladi. G‘oliblar finalda to‘p suradi, mag‘lublar esa musobaqaning 3-o‘rin egasini aniqlash uchun saf tortadi.
Mazkur bellashuvlar davomida Lippi terma jamoaga nomzod futbolchilarni sinovdan o‘tkazib oladi. Bu JCh—2018 ning 23-mart kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy saralash o‘yini oldidan tayyorgarlikning bir qismiga kiradi.
Ma’lumot uchun, Xitoy terma jamoasi saralashdagi muvaffaqiyatsizliklar sabab Gao Xunboga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yib, jamoaga Marchello Lippini taklif qilgan va uni dunyoda eng katta maosh oluvchi mutaxassisga aylantirgandi. Lippi 2006-yil Italiya terma jamoasi bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.
Xitoy terma jamoasi Lippi boshqaruvida 1 ta o‘yinda ishtirok etib, Qatar bilan 0:0 hisobiga imzo chekkan. Avvalroq Qatar ham amaldagi bosh murabbiyni iste’foga chiqarib, uning o‘rniga Xorxe Fosattini boshchi qilgandi.
Xalqaro turnirda ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurayotganlardan Chili Kopa Amerika musobaqasining ketma-ket ikkitasida zafar quchgan va har ikkisida ham Messi to‘p suradigan Argentina termasini finalda mag‘lub etgandi.
Xorvatiya va Islandiya terma jamoalari esa Yevro—2016 musobaqasida chorak finalga qadar yetib bordi va muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Bu uch mamlakatning asosiy futbolchilari Xitoyga keladimi yoki yo‘q, aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi qishki yig‘inlar doirasida Armaniston va Gruziya termalariga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadi. Mazkur bellashuvlarda hech qaysi mamlakatning asosiy futbolchilari harakat qilmaydi.
Izoh (0)