Warner Brothers kinostudiyasi Birlashgan qirollik mustaqillik partiyasi (UKIP) bilan 2016-yilning eng muhim voqealaridan biri — Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishiga bag‘ishlangan film suratga olish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Kartina ssenariysi uchun tuzilmadan chiqish kampaniyasining asosiy homiylaridan biri, britaniyalik millioner Arron Banksning kundaligi asosida tayyorlangan The Bad Boys of Brexit (“Brexit’ning yomon yigitlari”) kitobi asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Biz kitobning mualliflik huquqini sotib olmoqchi bo‘lgan Gollivud vakillari bilan jiddiy muzokaralar olib boryapmiz”, — dedi millionerning vakili.
The Telegraph manbalariga ko‘ra, Warner Brothers xodimlari Arron Banks va UKIP sobiq yetakchisi Nayjel Faraj bilan 20-yanvar kuni Vashintonda, AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimida uchrashadi.
Banksning vakillari bo‘lajak film komediya janrida olinishi va undan kelgan tushum xayriya maqsadida sarflanishini ta’kidladi.