2016-yil 29-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni 31-dekabr kuni O‘zAda keltirildi.
Qonun 2016-yil 6-dekabrda Qonunchilik Palatasi tomonidan qabul qilingan va 13-dekabrda Senat tomonidan ma’qullangan edi.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, “Oilaviy tadbirkolik to‘g‘risida”gi qonunga, “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga, O‘zbekiston Budjet kodeksiga o‘zgartish, qo‘shimcha va to‘ldirishlar kiritildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin”, — deyiladi hujjatning 14-moddasida.
Qonun 2017 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.