Yevropaning kuchli beshlik milliy chempionatlaridan 3 tasida italiyalik murabbiy boshqarayotgan klub yetakchi bo‘lib turibdi. Bu esa Rojdestvo vaqtida Italiya futboli sha’niga iliq fikrlar bildirish uchun asos bo‘ladi.
Unutish kerak emas, bir mavsum oldin italiyalik ikki mutaxassis shohsupada turgandi. Massimiliano Allegri “Yuventus”ni A seriyada chempion qilgani uchun, Klaudio Ranyeri esa “‘Lester’ ertagi”da qahramon rolini o‘ynagani uchun.Karlo Anchelotti
Germaniya Bundesligasida “Bavariya”ning yetakchilik qilishi odatiy holdek bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo Karlo Anchelotti jamoani boshqarayotganidan kelib chiqilsa, unga nisbatan hurmat bajo keltirmasdan iloj qolmaydi.
57 yoshli mutaxassis “Milan” bilan Italiya, “Chelsi” bilan Angliya, “PSJ” bilan Fransiya chempioni bo‘lgan. Afsuski, unga “Real” bilan Ispaniya chempioni bo‘lish nasib qilmadi. Yo‘qsa u “Bavariya”dagi ehtimoliy chempionligi bilan kuchli beshlikning hammasida oltin olgan yagona mutaxassisga aylanib olish imkoniyatini qo‘lga kiritardi.
Anchelottining Chempionlar Ligasidagi xizmatlarini ham unutib bo‘lmaydi. “Real” va “Milan” u bilan Yevropa taxtiga qadar chiqib kelgandi.
“Bavariya”da Gvardioladan keyin ishlash muammo keltirib chiqaradi deb o‘ylamaganman. Aksincha, buning foydali tomonlari ham bor, futbolchilar uning falsafasidan bahramand bo‘lgan.Karlo Anchelotti, “Bavariya” klubi bosh murabbiyiAnchelotti shunday odam, u keskinlik yoki ko‘ngilsizlik keltirib chiqarishga intilmaydi. U og‘ir va bosiqligi bilan muvaffaqiyatga erishadi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, uni kuchli beshlikning hamma nuqtasida qadrlashadi.
Antonio Konte
Italiyaning “Bari” klubini B seriya chempioni qilgani yaqin o‘tmishning yulduz futbolchilaridan biri bo‘lgan Antonio Kontega katta doiralarda ishonchni paydo qildi. Ko‘p o‘tmay unga kutilganidek “Yuventus” ishonib topshirildi.
Natija yomon emas. Turin klubi qatorasiga uch mavsum A seriya yetakchiligini hech kimga bermadi. Massimiliano Allegri Chempionlar Ligasining finaliga qadar yetib borgani uchun ham birinchi navbatda “Yuventus”ni shakllantirib ketgan Antonio Kontega rahmat aytishi kerak.
Mutaxassisning imkoniyatlari Yevro—2016 da yanada yorqinroq ko‘rindi. Ispaniya termasining juda chiroyli tarzda mag‘lub etilgani, yulduzlar bilan to‘la Belgiyaga imkoniyat qoldirilmagani, Germaniya qarshi teng o‘yin Italiya termasiga, uning ortidan esa bosh murabbiy Kontega shuhrat olib keldi.
“Chelsi”ga tashrif buyurgan Konte bugun APLda peshqadam. Klubning ketma-ket rekordlariga sababchi. Jurnalistlarni Rojdestvo bilan mehmon qilib, Londonda baxtli hayot kechirmoqda.
Angliyada ketma-ket 13 ta o‘yinda zafar quchish — fantastika. Ammo bu bilan to‘xtab qolish kerak emas. Mavsumning endigina yarmiga keldik.Antonio Konte, “Chelsi” bosh murabbiyi
Massimiliano Allegri
“Yuventus”ning A seriyada peshqadam bo‘lishi bugun hech kimni ajablantirmaydi. Allegrining Kontedan keyin yo‘qolib qolishi taxmin qilingan bo‘lsa-da, u hammasini yanada yaxshiroq davom ettira oldi va munosib o‘rinbosar bo‘ldi.
1 kami 50 yosh bo‘lgan mutaxassis Italiyada nima yutish mumkin bo‘lsa, hammasini yutib oldi. Chempionlar Ligasiga ham bir qadam qolgandi, “Barselona” dovonidan o‘ta olmadi. Biroq o‘sha maqsad sari harakatdan to‘xtamagan.
Italiyalik murabbiylarning bu yurishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor. Yil yakuniga qadar ular bu tempni ushlab qola olarmikin?
Izoh (0)