Qo‘llar va bo‘yin sohasi ayollar yoshini fosh qiladi, shuning uchun ularni to‘g‘ri va muntazam parvarishlash zarur. Bu ularning ko‘rkamligi va yoshligini uzoq yillar saqlashga yordam beradi.
Sotuvda ularni parvarish qilish bo‘yicha xilma-xil vositalar mavjud, biroq ularning tarkibida kimyoviy moddalar ham ko‘p. Shuning uchun e’tiboringizga uy sharoitida tayyorlash mumkin bo‘lgan vositalarni havola etamiz. Ular juda charchagan qo‘l terisiga ham samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Tuxum oqidan tayyorlangan vosita qo‘l terisi elastikligini tiklashga yordam beradi. Tuxum oqini bir osh qoshiq asal bilan aralashtiramiz. Shundan so‘ng uni qo‘lga surib, qurishini kutamiz. Niqobni iliq suvda yuvib, qo‘llarga kokos yog‘idan suramiz. Natija darhol seziladi.
Oddiy kartoshka ham qo‘l terisini silliq qilishi mumkin. Buning uchun bir nechta o‘rtacha kartoshkani qaynatib, ularni vilka yordamida ezamiz. So‘ngra 2 osh qoshiq zaytun yog‘i, asal va sut qo‘shib, aralashmani sovutkichga qo‘yamiz. Uni haftasiga 2—3 marta surib, 15 daqiqaga qoldiramiz. Qo‘llarni niqobdan keyin issiq suv bilan chayamiz.
Na’matak yog‘i ham qo‘l terisi elastikligi va yoshligini qaytarishga yordam beradi. Shuningdek, u juda yaxshi oziqlantiradi. Qo‘llaringizni har kuni shu yog‘ bilan uqalab, uni yuvib tashlamang.
Limon sharbati va shakardan tayyorlangan skrab ham xuddi yuqoridagi kabi ta’sirga ega. Limon sharbatini siqib chiqarib, unga shuncha miqdorda shakar qo‘shing. Qon aylanishini yaxshilash uchun aralashmani qo‘llaringizga suring. Shundan keyin ularni dastlab iliq, keyin sovuq suvda chaying.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)