O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, Rustam Azimov 27-dekabr kuni Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Emomali Rahmon O‘zbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi. U Tojikiston rahbariyati O‘zbekiston tomonining ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaaloqani tiklash tashabbusini ijobiy baholashini qayd qildi. Emomali Rahmon, shuningdek, temir yo‘l uchastkalarining tiklanishi, temir yo‘l o‘tkazmalari tariflarini tushirish, elektr energiyasi eksporti va importini qayta tiklash, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar iqtisodiyot, savdo, transport va kommunikatsiya, suv, energetika, madaniyat, chegaralarni muhofaza qilish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, mintaqa va jahon miqyosidagi harbiy-siyosiy vaziyat yuzasidan fikr almashildi, terrorga, ekstremizmga, giyohvand moddalar savdosiga, transmilliy jinoyatlarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Izoh (0)