27-dekabrida O‘zbekiston milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Arxiv faoliyatini avtomatlashtirish va arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zarxiv” xabar qildi.
Tadbirda agentlik tomonidan arxiv faoliyatini avtomatlashtirish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlar hamda arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishdagi yutuqlar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, 2008-yildan boshlab barcha davlat arxivlarida axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanilgan holda asl hujjatlarning umrini uzaytirish maqsadida alohida qimmatli hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish ishlariga kirishildi. Hozirga qadar 510 ming saqlov birligidan ortiq, shu jumladan, 5,3 million kadr qog‘oz asosdagi, 240 mingdan ortiq foto, 1800 dan ortiq kino, 2700 dan ortiq fono arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, jami davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli hujjatlarning 75 foizi elektron formatga o‘tkazildi.
Aholining arxiv hujjatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida “Archive.uz” sayti muntazam faoliyat yuritmoqda. Ushbu saytda “Xizmatlar” va “Interaktiv xizmatlar” turkumlarida fuqarolarga arxiv muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga oid keng ko‘lamli ma’lumotlar havola qilingan. Shuningdek, veb-sayt modernizatsiya qilinib, unda aholi va tadbirkorlar uchun agentlik rahbariyatining virtual qabulxonasi joriy qilindi. Virtual qabulxona orqali internetdan foydalanuvchilar elektron raqamli imzolarsiz bevosita agentlik rahbariyatiga murojaat etishi mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Agentlik veb-saytida hujjatlarning qidiruv tizimi joriy etilib, davlat arxivlarida saqlanayotgan 57235 ta korxona, tashkilot va muassasalarning shaxsiy tarkib hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi.
Fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi va Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali ham yaqindan ko‘mak berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari, Toshkent shahar, Sirdaryo, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari davlat arxivlarida joriy etilgan zamonaviy axborot (sensorli) kiosklarining elektron bazalari yanada kengaytirilib, davlat arxivlari faoliyati va ularda saqlanayotgan hujjatlar haqida ma’lumotlar joylashtirildi.
Bu kabi qulayliklar tufayli davlat arxivlari o‘quv xonalarida arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar va qiziquvchilarning soni tobora ortmoqda. Birgina 2016-yilning o‘zida 31400 dan ortiq hujjat foydalanuvchilar tomonidan o‘quv xonalarida ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, arxiv sohasining barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya tizimini joriy qilish natijasida kundan-kunga fuqarolardan kelib tushayotgan so‘rovlarning sonida o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. O‘z navbatida, ularning murojaatlariga tezkor, qulay va o‘z vaqtida javob qaytarilishi arxiv muassasalari bilan fuqarolarning o‘rtasida o‘zaro va ishchan aloqalarni mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Jumladan, 2016-yil davomida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ijtimoiy-huquqiy mazmundagi, xususan, mehnat faoliyati va ish haqini tasdiqlash, o‘quv muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash hamda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini berish bo‘yicha 2512 ta so‘rovlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2015-yilning shu davriga nisbatan qariyb 35 foizga oshganligini kuzatishimiz mumkin.
Izoh (0)