Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis mamlakat bosh vazirligiga Sevil Shaydexni tayinlashga tayyorgarlik ko‘rish uchun unga ko‘proq vaqt zarurligini aytdi, deb yozadi “Interfaks”.
Yoxannis Shaydexni 22-dekabr, payshanba kuni bosh vazir lavozimiga tayinlashi kutilgan edi, ammo noaniq sabablarga ko‘ra, u buni keyinga qoldirdi. Prezidentdan so‘ng bosh vazirning lavozimga tayinlanishi mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullanishi kerak edi.
Avvalroq Ruminiya parlamentidagi Sotsial-demokratik partiya hamda “Liberal va demokratlar alyansi”dan iborat ko‘pchilik bosh vazir lavozimiga musulmon ayol Shaydexni taklif qilgan edi. 52 yoshli Sevil Shaydex bungacha Ruminiya hududiy rivojlanish vaziri lavozimida ishlagan.