IKEA tunash uchun do‘konlarga sezdirmay kirib oluvchi o‘smirlarga murojaat qildi. Shved kompaniyasi vakillari qonunbuzarlarni aniqlab, ularning yoshidan qat’i nazar politsiyaga topshirishga so‘z berdi, deb yozadi TJournal.
IKEA matbuot xizmati xodimi Yakob Xolmstromning so‘zlariga qaraganda, kompaniya mijozlar xavfsizligini ta’minlashga intilmoqda, shuning uchun biror kishiga tonggacha do‘konda sezdirmasdan qolishga yo‘l qo‘ymaydi.
Xolmstrom IKEA’da tunni o‘tkazish mumkinligi, biroq buning uchun kompaniya xodimlariga murojaat qilib, biror alohida sabab tufayli istisno qilishni so‘rash lozimligini qo‘shimcha qildi.
BuzzFeed’ning qayd etishicha, 2016-yilning avgustida YouTube’ning Bakuna Fatata kanalida namoyish etilgan rolikdan so‘ng o‘smirlarning ko‘pchiligi shved do‘konlarida tunay boshlagan. Rolikda ikki yigit shkafga yashirinib, qo‘riqchilar ketishini kutgan va IKEA’da tunni o‘tkazgan. Ular mahsulotlarga zarar yetkazmagan, shunchaki jinnilik qilib, karavotlarda sakragan va uxlagan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.